"Emissiya" - Pullar qanday hollarda to'lovga yaroqsiz hisoblanishi to'g'risida batafsil ma'lumot bersangiz?

Markaziy bankning Adliya vazirligida 2008-yil 27-iyunda 1831-son bilan ro'yxatga olingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yo'riqnoma”da «so'm»ning to'lovga yaroqlilik belgilarni aniqlash qoidalari belgilangan.

Xo'jalik yurituvchi sub'yektlar quyidagi banknotlarni moneliksiz to'lovga qabul qilishlari va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari lozim:

a) har qanday qismida teshik yoki yirtilishlar, siyqalanishlar, dog'lar, qalam, siyoh va flomaster bilan yozilgan yozuvlari mavjud bo'lgan pullar;

b) yirtilgan va yelimlangan pullar, agar pulning ikkala qismi shak-shubhasiz bitta banknotga tegishli bo'lsa;

v) bo'yoq moddalari va kislota to'kilgan, tabiiy rangi o'zgargan, kuygan, bo'yalgan yoki chizilgan pullar;

g) shikastlanish turi va joylashishidan qat'i nazar, banknot to'liq hajmining 55 foizidan kam bo'lmagan qismi saqlanib qolingan pullar.

Shikastlanish turidan qati nazar (shakli buzilgan, pachoqlangan, siyqalangan, teshilgan, qirqilgan, sindirilgan, ishqorga solingan, biror bir metall bilan payvandlangan, olovda eritilgan, ko'karib va qorayib ketgan) o'zining to'la hajmini va old tarafidagi qiymati tasvirini saqlab qolgan hamda haqiqiyligiga shubha tug'dirmaydigan metall tangalar to'lovga yaroqli hisoblanadi.

Shikastlangan pullar “eskirgan” pullar toifasiga kiritilib banklar tomonidan ular shu qiymatdagi to'lovga yaroqli pullarga almashtirib beriladi.

Onlayn murojaat