"Bandlik" - Mahalliy mehnat organlariining aholini ish bilan ta'minlash sohasidagi vakolatlari nimalardan iborat?

Mahalliy mehnat organlari:

fuqarolarga maqbul keladigan ishni tanlashda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga esa zarur xodimlarni tanlashda yordam beradi;

mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar va ish beruvchilarga ish topish va ishchi kuchi bilan ta'minlanish imkoniyatlari to'g'risida, xodimlarga nisbatan qo'yilayotgan talablar haqida va ish bilan ta'minlashga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar beradi; ishlamayotgan fuqarolarni kasbga o'rgatish, qayta o'rgatish va malakasini oshirish to'g'risida o'quv yurtlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;

ishsiz shaxslarni ro'yxatga olishni ta'minlaydi va ularga yordam ko'rsatadi, shu jumladan nafaqalar tayinlash va to'lashni amalga oshiradi; mehnat bozorining holatiga va mazkur bozorni rivojlantirish istiqbollariga baho beradi, uning monitoringini tashkil etadi va o'tkazadi hamda tegishli axborot tarqatilishini ta'minlaydi;

ish qidirib murojaat qilayotgan fuqarolarning, shuningdek bo'sh ish joylarining (vakant lavozimlarning) hisobini yuritadi;

aholini ish bilan ta'minlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;

ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturlarining bajarilishi monitoringini ushbu dasturlarga kiritilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan axborot, shuningdek davlat statistika organlarining ma'lumotlari asosida amalga oshiradi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan mo'ljallanayotgan tuzilmaviy o'zgarishlar hamda amalga oshirilishi natijasida xodimlar ishdan ozod etilishi mumkin bo'lgan boshqa tadbirlar to'g'risida, shuningdek bo'sh ish joylari (vakant lavozimlar) bor-yo'qligi, mehnat xususiyati va sharoitlari to'g'risida axborotlar oladi;

davlat va nodavlat ta'lim muassasalaridan ularning yo'nalishi va ixtisoslashuvi, bitiruvchilarning kasb-malaka tarkibi va soni to'g'risida axborotlar oladi;

mehnat organlariga murojaat etgan fuqarolarni kasb tayyorgarligi va malaka darajasiga muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ularda bo'sh ish joylari (vakant lavozimlar) bo'lgan taqdirda ishga joylashtirish uchun yuboradi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga qabul qilishga mo'ljallangan eng kam miqdordagi ish joylarini belgilash to'g'risida takliflar ishlab chiqadi va ularni mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhokamasiga kiritadi, shuningdek mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuboradi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ishonchnomasi asosida ular nomidan fuqarolarni ishga joylashtirish to'g'risida ularni oldindan (zarurat bo'lgan taqdirda) kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish, yo'lkira, kundalik xarajatlar haqini to'lash sharti bilan shartnomalar tuzadi, shuningdek yangi yashash va ish joyiga ko'chib borish chog'ida tegishli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag'lari hisobidan yordam puli beradi;

ishsizlarni haq to'lanadigan jamoat ishlariga belgilangan tartibda ularning o'z xohishiga ko'ra jo'natadi;

Ish bilan ta'minlashga ko'maklashuvchi davlat jamg'armasining mablag'larini belgilangan tartibda tasarruf etadi;

fuqarolarga ishsizlik nafaqasini belgilangan tartibda tayinlaydi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Onlayn murojaat